“Askar onalarni sharaflaymiz!”

0
933

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi katta majlislar zalida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning onalari bilan “Askar onalarni sharaflaymiz!” onlayn telekoʻprik tadbiri oʻtkazildi. Unda respublikamizning turli hududlariga muddatli harbiy xizmatga yuborilgan Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan askarlarning ota-onalari ham ishtirok etdi.

Dastlab tadbirda soʻzga chiqqanlar bugungi kunda milliy armiyamiz tubdan oʻzgarib, zamonaviy qiyofa aks ettirgani, harbiy kuch-qudrat jihatidan yuqori oʻrinlarni qayd etayotganliklarini taʻkidlab oʻtishdi.

Shundan soʻng, tadbirning asosiy qismiga navbat berildi. Unda yurt himoyachilarining onalari respublikaning turli viloyatlarida xizmat qilayotgan farzandlari bilan videokonferensaloqa tizimi orqali real vaqt rejimida diydor uchrashib, samimiy suhbat qurdilar va oʻzlarining sogʻinch soʻzlarini yetkazdilar. Muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari, aka-ukalari, singillari egnida harbiy libos kiyib, sadoqat bilan yigitlik burchini oʻtayotgan askarlar bilan dildan suhbatlashar ekan, yaqinlashib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32 yilligi bayrami bilan barcha harbiy xizmatchilarni tabrikladi.

Yurtimiz tinchligi yoʻlida kamarbasta boʻlayotgan oʻgʻlonlaridan faxrlanishini, ularning oʻz xizmat burchini toʻlaqonli ado etishlarida yaratilgan barcha shart sharoitlarni eʻtirof etishdi. Ular bugungi kunda milliy armiyamiz yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabiga aylanganidan mamnun ekanliklarini bildirib oʼtishdi.

– Oʻgʻlim anchagina ulgʻayipti. Koʻrkam, baquvvat, ogʻir-bosiq va eng muhimi dunyo qarashi oʻzgargan, – deydi muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar Akram Ahmedovning onasi Bozorxol Boboxonova. Uning bizga boʻlgan mehri yanada ortganini, burchini har qanday holatda ham toʻlaqonli ado etishini eshitib, shunday farzandim borligidan faxrlandim.

Tadbir davomida har bir harbiy qismda naʼmunali xulqi va harbiy qismdagi faolligi bilan safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgani bir guruh muddatli harbiy xizmatchilarning ota onalariga maxsus tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti