“Eng yaxshi tasviriy san’at asari” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

0
1180

Toshkent fotosuratlar uyida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, respublikamizda yashab ijod qilayotgan ijodkorlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Mening armiyam — mening faxrim!” mavzusidagi “Eng yaxshi tasviriy san’at asari” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Bayramona ruhdagi marosimda Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, kuch tuzilmalari vakillari, harbiy xizmatchilar, faol yoshlar ishtirok etdi.

Tanlov Vatan himoyachilarining ijobiy timsolini yaratish, xalq va armiya birdamligini koʻrsatish, yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sodiqlik, fidoyilik ruhida tarbiyalash, xalqimiz tinchligi, yurtimiz farovonligida harbiy xizmatchilarning hissasini keng targʻib etish kabi mavzularni oʻzida aks ettirdi. Shuningdek, ijodiy ishlarda harbiy qasamyodga sodiqlik, Qurolli Kuchlar salohiyatini keng targʻib qilishga qaratilgan gʻoyalar yetakchilik qildi.

Tanlovga jami 400 yuzdan ziyod ijodiy ishlar qabul qilinib, ishtirokchilar professional va havaskorlik yoʻnalishlari boʻyicha nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholanib borildi. Natijalar esa quyidagicha koʻrinish oldi.

Professional ijodkor nominatsiyasida:

  • 1-oʻrin – oddiy askar Sherzod Rashidov (Sharqiy harbiy okrug);
  • 2-oʻrin – oddiy askar Kamronbek Temirboyev (Sharqiy harbiy okrug);
  • 3-oʻrin – kichik serjant Nizomjon Turaboyev (HHM va HHK qoʻmondonligi).

Havaskor ijodkorlar nominatsiyasida:

  • 1-oʻrin  – oddiy askar Muhamadiyor Komiljonov (TOQQQ)
  • 2-oʻrin – kichik serjant Ergash Muratov
  • 3-oʻrin – 208-maktab oʻquvchisi Safina Safarova.

Bundan tashqari, 20 nafar tanlov ishtirokchilari Mudofaa vazirligi faxriy yorliqlari bilan taqdirlanishdi. 

Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari, harbiy orkestr jamoasi oʻz chiqishlari bilan barchani xushnud etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti