Xorazmda Vatan himoyachilariga yangi xonadon kalitlari topshirildi

0
1528

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 32 yillik bayramiga bagʻishlab, Urganch tumanida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilariga imtiyozli ipoteka kreditlari asosida yangi xonadonlar foydalanishga topshirilishi, kecha-yu kunduz halovatidan ayrilib, mamlakatimiz tinchligi yoʻlida fidoyilarcha xizmat qilayotgan yurtimiz himoyachilari uchun chinakam bayram sovgʻasi boʻldi.

Tumandagi “Yoshlik” mahallasining Mustaqillik koʻchasidagi ilgari foydalanib kelinmagan yer maydonida bugun besh qavatdan yangi turar-joy binosining qurilishi mamlaktimizda soʻnggi 7 yilda amalga oshirilayotgan katta bunyodkorlik ishlarining davomi boʻldi. Endilikda harbiy xizmatchilar va harbiy pensionerlar bu yilgi Vatan himoyachilari kuni bayramini oʻz uyida kutib oladigan boʻldi.

Yangi obyektni foydalanishga topshirish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Xorazm viloyati hamda tuman hokimliklari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, baxtli xonadon egalari hamda ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Qoʻmondon oʻz nutqida oldinlari harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʼminlash masalasida qator muammolar mavjud boʻlganini, yurt himoyachilariga yangi uylar emas, balki ikkilamchi bozorda eskidan qurilgan xonadonlarni xarid qilib berilganini taʼkidlab oʻtdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan soʻnggi 6-7 yilda harbiy xizmatchilar va harbiy pensionerlarning ijtimoiy himoyasi masalasida juda katta oʻzgarishlar sodir boʻlib, endilikda Vatan himoyachilari uchun koʻp yillik imtiyozli ipoteka kreditlari asosida zamonaviy dizayn, o‘zgacha did va barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy, ixcham uy-joylar foydalanishga topshirilayotganini eʼtirof etdi. 

Tantanali tadbir davomida baxtli xonadon sohiblariga yangi xonadon kalitlari topshirilib, ularga yaxshi tilaklar bildirildi. 

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati