Vatanni ulugʻlovchi va tinchlikni tarannum etuvchi sadolar yangramoqda

0
800

Navoiy garnizonida joylashgan harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Navoiy viloyati boʻylab “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida vatanparvarlik festivallari oʻtkazilmoqda.

Festivallar dastlab harbiy orkestr sadolari ostida “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish marafonlari bilan boshlangani yurtdoshlarimizni sogʻlom turmush tarzini tanlashiga turtki bermoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan tuman hokimliklari vakillari va faxriylar ham mamlakatimizda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, yurtimizning olis qishloqlarida ham ertamiz egalari ishtirokida tashkil etilayotgan festivallarni eʻtirof etdi.

Shundan soʻng festival rejasiga asosan yurt himoyachilari tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali qoʻl jangi va faxriy qorovulning saf chiqishlari barchaga birdek manzur boʻldi.

Harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar esa yigʻilganlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi. Festival doirasida shahar va tuman aholisi uchun zamonaviy harbiy texnikalar va qurol-yarogʻlar, “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari namoyish etilib, harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida turli sport musobaqlari ham oʻtkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati