Nuriston qo‘rg‘onidagi harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

0
1492

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda keng qamrovli “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Ertamiz egalarining yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishlariga yo‘l qo‘ymaslik, ularda milliy armiyamiz qudratidan gʻurur hissini oshirish va tinchlik degan buyuk neʼmatni qadrlash kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan tadbirga Nishon, Kasbi hamda Qarshi tumanlaridan 700 ga yaqin yoshlar jalb etildi.

Dastlab, barcha mehmonlar harbiy qism texnikalar parkida jangovar hamda avtomobil texnikalari bilan tanishish imkoniga ega boʻldi. Saf maydonida yoyilgan oʻquv nuqtalarida mehmonlar harbiy xizmatchilarning anjom-aslaha va qurol-yaroqlari bilan yaqindan tanishdi.

Bugun barcha harbiy qismlarda Amir Temur hamda Jaloliddin Manguberdi tematik sinflari tashkil etilgan va bu harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda aholi vakillarining ham tarixga oid bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur sinflarda tashkil etilgan uchrashuvlar chogʻida faxriy harbiylar tomonidan aytilgan oʻgitlar oʻquvchilar uchun maʼno mahzani vazifasini oʻtadi. Bundan yoshlarning taassurot va hayajonlari bir olam.

Harbiy qism sport maydonida mezbon harbiy xizmatchilar va tumanlardan tashrif buyurgan yoshlar “Qoʻmondon kubogi uchun” sportning mini-futbol, voleybol, kurash, arqon tortish, qoʻl kurashi, tosh koʻtarish, stol tennisi, shaxmat-shashka, turnikda tortilish, harbiylashtirilgan estafeta turlari bo‘yicha bellashuvlarga kirishdi.

Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda barcha ishtirokchilarning kuch, mahorat va matonati yuzaga chiqdi. Oʻtkazilgan sport musobaqalari yakuni boʻyicha 1-oʻrinni Nishon tumani, 2-oʻrinni Qarshi tumani, 3-oʻrinni Kasbi tumani ishtirokchilari qoʻlga kiritdi.

Tantanali taqdirlash marosimida musobaqa gʻoliblari va faol ishtirokchilar diplom, esdalik hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.