Nukusda Vatan himoyachilariga yangi xonadon kalitlari topshirildi

0
1892

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni ayyomi arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida barpo etilayotgan yangi “Nukus city” mavzesidagi 16 qavatli uylardagi xonadonlari Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining harbiy xizmatchilari va harbiy pensionerlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.

Yangi xonadon kalitlarini baxtli oilalarga topshirish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Rasul Zarikeyev, shahar hokimligi va kuch tuzilmalari vakillari, Nukus harbiy prokuraturasi rahbariyati, harbiy xizmatchilar oilalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qoʻmondon oʻz nutqida mamlakatimizda oʻz hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulugʻ va oliyjanob ishga bagʻishlagan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanganini taʼkidlab, oxirgi yillarda harbiy sohaga boʻlayotgan eʼtibor tufayli harbiy qism va muassasalar, dala-oʻquv maydonlari infratuzilmasini takomillashtirish, yurt himoyasidek masʼuliyatli kasb egalari va ularning oila aʼzolariga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni uy-joy bilan taʼminlash, harbiy pensionerlarning ijtimoiy muhofazasi kabi masalalar dolzarb boʻlib kelayotganini eʼtirof etdi.

Nukus shahrida “Yakka terak” mahallasida qurilgan 16 qavatli binolardan harbiy xizmatchilarga ham imtiyozli ipoteka kreditlari asosida berilishi Vatan himoyachilariga oʻzgacha bayram tuhfasi boʻlgani eʼtirof etildi.

Tadbir davomida yangi xonadon egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati