Taxiatosh tumanida Vatan himoyachilariga yangi obyektlar foydalanishga topshirildi

0
2713

Taxiatosh tumanidagi Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismlarning birida yangidan qurilgan madaniyat markazi, trenajyor zali hamda jangovar mashinalarni saqlash boksi tantanali tarzda foydalanishga topshirildi. Mazkur inshootlar harbiy xizmatchilarga Vatan himoyachilari kuni arafasida bayram tuhfasi boʻldi.

Tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi mas’ullari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning zamirida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini taʼminlash, xizmatni oʻtash va yashash uchun qulay sharoit yaratish, qoʻshinlarning jangovar shayligini yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar turibdi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 32-yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida mamlakatimiz boʻylab foydalanishga topshirilayotgan ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik obyektlari bunga yaqqol misol. Bu kabi bunyodkorlik ishlari davlatimizning yurt himoyachilariga boʻlgan gʻamxoʻrligi, ularga qulay xizmat sharoitlarini yaratishdagi eʼtibor namunasi boʻlmoqda.

Tantanali tadbirda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonining harbiy xizmatchilarga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Shuningdek, joriy oʻquv yilida qoʻmondonlik miqyosida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor jangovar batalyon” koʻrik-tanlovida mazkur harbiy qism faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgani bois, unga koʻchma kubok hamda diplom topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati