“Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!”

0
2445

Samarqand viloyatining Payariq tumanida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida tuman hokimi Isroil Jabborov, sektor rahbarlari, Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari hamda ikki mingdan ortiq aholi va yoshlar ishtirokida keng qamrovli vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Tuman markazida oʻtkazilgan festival erta tongdan harbiy orkestr sadolari ostida “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni bilan boshlanib, harbiy texnika, qurol-aslahalar koʻrgazmasiga ulanib ketdi.

Harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari yoshlarni harbiylikka boʻlgan qiziqishini ortishini taʼminlab, harbiy orkestr jamoasining kuy-qoʻshiqlari ularga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Shuningdek, harbiylar va yoshlar oʻrtasida turli sport turlari, milliy oʻyinlar boʻyicha bellashuvlar oʻtkazildi.

Festival yakunida tumanlarning eng faol yoshlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi va yigʻilganlar uchun Samarqand garnizoni harbiy orkestr jamoasi va xushovoz sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert dasturlari namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati