Kapital taʼmirdan chiqqan avtopark majmuasi foydalanishga topshirildi

0
1545

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlab Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismida kapital taʼmirdan chiqarilgan avtomobil texnikalarni saqlash parkining foydalanishga topshirilishi oʻzgacha bayram sovgʻasiga aylandi.

Tantanali tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilari ishtirok etdi. Qoʻmondon oʻz nutqida ushbu obyekt 1990-yilda bunyod etilgani hamda shundan beri unda joriy taʼmirlash ishlari umuman olib borilmagani hisobiga avtopark majmuasi abgor holatga kelib qolganligini taʼkidlab oʻtdi. Olib borilgan kapital taʼmir ushbu obyektga “yangi hayot” bagʻishlaganini, endilikda bu yer ham obod maskanga aylantirilganini eʼtirof etdi.

Soʻzga chiqqanlar, yillar davomida taʼmirtalab holatga kelib qolgan ushbu obyekt, maxsus texnikalarni saqlash, ularga texnik xizmat koʻrsatish, umuman olganda texnikalarni tabiiy iqlim sharoitlaridan asrab-avaylashda qator muammolar mavjud boʻlganini taʼkidlab oʻtishdi. 

Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan mablagʻlar evaziga avtomobil texnikalarni saqlash parki qayta jonlanib, yangi ufq zavqini tuydi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu yerda amalga oshirilgan kapital qurilish ishlari natijasida “boks”larda isitish tizimi oʻrnatilib, texnikalarni saqlash sharoiti yaxshilandi. Endilikda parkda ilgari boʻlmagan mashinalarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash tarmogʻi, ustaxonalar, haydovchilarni tayyorlash sinfi, park boʻyicha navbatchining xonalari, haydovchilar dam olishi va yuvinish uchun xonalar barpo etildi. 

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati