“Prezident maktabi” oʻquvchilari harbiy okrug boshqaruv apparati mehmoni bo‘ldi

0
2660

Bugun mamlakatimizda yoshlar taʼlimiga eʼtibor har qachongidan ham yuqori sifat darajasiga koʻtarildi. Ertamiz egalariga sifatli taʼlim berilishini yoʻlga qoʻyish hamda ularning oʻz qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlariga koʻmaklashish maqsadida turli yoʻnalishli maktablar faoliyat yurita boshladi. Ijod, sanʼat, sport maktablarida yoshlar oʻz qobiliyati darajasida orzulari sari odim otishmoqda. Ular orasida “Prezident maktablari”ning oʻrni juda yuqori. Har yili minglab yoshlarning ushbu taʼlim dargohiga kirishga boʻlgan talablari, bu yoʻldagi tinimsiz oʻqib-oʻrganishlarni kuzatib bunday maktablarni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad nechogʻlik mukammal ekanini sezish mumkin.

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan “Prezident maktabi”da ham saralar ichidan saralangan yoshlar taʼlim olishayapti. Maskanda barcha fanlardan taʼlim jarayonlari mukammal olib borilayotgani aniq. Buning uchun sohasining eng mohir bilimdon pedogoglari tanlab olingan.

Yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda esa harbiy xizmatchilarning oʻrni va roli yuqori, albatta. Shu jihatdan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari Qarshi “Prezident maktabi” oʻquvchilari bilan koʻplab tadbirlar tashkil etib borishadi.

Shunday tadbirlarning uzviy davomi sifatida bu safar bir guruh oʻquvchi yoshlar okrug boshqaruv apparatiga sayohat qilishdi. Ertamiz egalarini yuqori kayfiyatda kutib olgan mezbon ofitserlar mehmonlarni okrug hududi va harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirishdi.

Maskanda tashkil etilgan okrug shonli tarixi muzeyi sohaga doir koʻpgina maʼlumot va jihozlarni oʻz ichiga oladi. Oʻquvchi yoshlar bularning barchasi bilan birin-ketin tanishar ekan yil sayin takomillashib borayotgan milliy armiyamiz qudrati va harbiy xizmatchilarimiz salohiyati borasida atroflicha maʼlumotlarga ega boʻldilar. Boʻlajak Vatan himoyachilarini kuzatib ulardagi hayrat va havasni koʻrish mumkin.

Okrug sport maydonchalarida oʻquvchi yoshlar va harbiy xizmatchilar oʻrtasida futbol hamda voleybol boʻyicha doʻstona musobaqalar tashkillashtirildi.

Bu kabi sayohat va uchrashuvlar yoshlarga sifatli taʼlim bilan hamohang ravishda harbiy vatanparvarlik hislarini singdirayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati