Dizayner va rassomlar diqqatiga

0
2915

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari uchun yagona namunadagi milliy formali kiyim rusumini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rik-tanlovni e’lon qiladi.

Ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi:

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kuch va qudratini aks ettiradigan, o‘zida boy tariximizni ifoda etadigan, zamonaviy harbiy xizmatchining ko‘rinishini ifodalaydigan, qulaylikni ta’minlaydigan hamda mintaqamizning iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan yangi ko‘rinishdagi milliy harbiy kiyim rusumini yaratish;

Qurolli Kuchlar imidjini ifoda etadigan, betakror badiiy yechimga ega bo‘lgan, yuksak estetik talab darajasida yaratilgan harbiy kiyim rusumining eng yaxshi loyihasini tanlab olishdir.

Ko‘rik-tanlovga qo‘yiladigan talablar

Ko‘rik-tanlov bir bosqichda o‘tkaziladi.

Ko‘rik-tanlov quyidagi nominatsiyalarda eng yaxshi milliy formali kiyim rusumi to‘plami bo‘yicha o‘tkaziladi (bayramona va kundalik (qishki va yozgi)):

  • generallar tarkibi uchun;
  • kontrakt bo‘yicha ofitserlar tarkibi uchun;
  • kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar va serjantlar tarkibi uchun;
  • kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi ayollar tarkibi uchun.

Har bir nominatsiyada harbiy kiyim rusumining to‘plamlari bilan birgalikda foydalaniladigan farqlovchi nishonlar va aksessuarlar ham ishlab chiqiladi.

Ko‘rik-tanlov tashkilotchilari birinchi o‘rinni olgan loyihani amalda qo‘llash, qisman qo‘llash yoki qo‘llamaslik huquqiga egadir.

Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan asarlar bo‘yicha rasmiy izoh va sharh berilmaydi, muallifga qaytarilmaydi hamda mualliflik huquqi mutloq Mudofaa vazirligiga o‘tadi.

Ko‘rik-tanlov ishtirokchilariga qo‘yilgan talablar

  • ko‘rik-tanlovda 16 yoshdan katta bo‘lgan havaskor, professional rassom
    va dizaynerlar ishtirok etishlari mumkin;
  • ko‘rik-tanlovning har bir ishtirokchisi o‘z ishlarini (eskizlarini) ko‘rik-tanlovning istalgan (bir vaqtning o‘zida bir nechta) nominatsiyasi bo‘yicha taqdim qilish huquqiga ega. Bitta muallif yoki bir guruh hammualliflar tomonidan taqdim etiladigan ko‘rik-tanlov ishlarining soni cheklanmagan;
  • eskizlar (ishlanmalar) – A3 formatidan katta bo‘lmagan yoki A4 formatida bir necha varaqda, asl nusxada taqdim etilishi shart;
  • eskizlarning har bir elementi asoslantirilgan tavsifga ega bo‘lishi shart;
  • har bir eskizning orqa tomonida ishtirokchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi, o‘qish joyi, yashash manzili, telefon raqamlari) va ko‘rik-tanlov nominatsiyasining nomlanishi ko‘rsatilishi hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi biriktirilishi shart.

Ko‘rik-tanlovni o‘tkazishning tashkiliy jihatlari

Ko‘rik-tanlovga taqdim qilingan materiallar qaytarib berilmaydi, mualliflik patenti berilmaydi hamda Mudofaa vazirligining ixtiyoriga o‘tadi.

Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun materiallarni tayyorlashga ketadigan mablag‘lar, shuningdek, ko‘rik-tanlov uchun tayyorlangan loyihani Tashkiliy qo‘mitaga yetkazish bilan bog‘liq xarajatlar ko‘rik-tanlov ishtirokchilari hisobidan qoplanadi.

Ko‘rik-tanlov uchun quyidagi pul mukofotlari belgilangan:

  • birinchi o‘rin uchun – 10 (o‘n) million so‘m;
  • ikkinchi o‘rin uchun – 7 (yetti) million so‘m;
  • uchinchi o‘rin uchun – 5 (besh) million so‘m.

Ishlanmalar bayram va dam olish kunlaridan tashqari 2023-yilning
20-dekabr kuni soat 9.00 dan 2024-yil 30-yanvar kuni soat 18:00 ga qadar Toshkent shahri, M. Ulug‘bek ko‘chasi, 100-uy manzili bo‘yicha Mudofaa vazirligining ruxsatnomalar byurosida qabul qilinadi.

Murojaat uchun tel.: (71) 269-86-35, 269-86-37, 269-86-42, 269-86-09.

Pochta: info@mudofaa.uz