Qurolli Kuchlar akademiyasida Malaka oshirish fakulteti tinglovchilarining navbatdagi bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi

0
1079

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida “Umumqo‘shin”, “Harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi”, “Malaka oshirish” kabi fakultetlar faoliyat yuritib, ushbu fakultetlarning vazifalari bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha keng bilim va tafakkurga, yuksak kasbiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual jihatdan rivojlangan, ma’nan va jismonan yetuk ofitser kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishdan iborat.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, mamlakatimizda ofitser kadrlarni tayyorlashga qaratilgan yuksak e’tibor tufayli milliy armiyamiz saflari chuqur bilim va tafakkurga ega, zamonaviy fikrlay oladigan, intellektual jihatdan yetuk, yuksak professional mutaxassislar bilan butlanmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi boshlang‘ich oliy ta’lim (bakalavr), keyingi oliy harbiy ta’lim (magistr) diplomi berilishi va harbiy ta’lim hamda pedagog kadrlarni metodik tayyorlash markazidek vazifa yuklatilgan oliy harbiy ta’lim dargohi sanaladi.
Bugun, 29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi Malaka oshirish fakultetining oliy kurs tinglovchilarining navbatdagi bitiruv marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Muhsinali Xonsaidov tomonidan bitiruvchi ofitserlarga diplom, ko‘krak nishonlari, sertifikatlar hamda na’munali xizmat qilgan harbiy xizmatchilarga faxriy yorliqlar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti