Yoshlar harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi

0
2860

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoyishi talablarini ayni vaqtda yurtimiz bo‘ylab “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda harbiy xizmatning barcha jabhalarida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini ta’minlash, yosh avlod hamda barcha toifadagi harbiy xizmatchilarning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kamol toptirish va milliy vatanparvarlik ruhini yanada yuksaltirish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda mudofaa vazirligi faxriylar kengashi raisi A.Navro‘zov, faxriylar A. Dehqonboyev va Y. Rahmonov, ustoz va faxriylar taklif etildi.  

Shuningdek, tadbirda “Yosh temurbeklar” harbiy-sport nodavlat ta’lim muassasasi, Qibray tumanidagi 11-sonli, Bo‘stonliq tumanidagi 54-sonli, O‘rta Chirchiq tumanidagi 71-sonli maktab, Bo‘ka tumanida joylashgan 16-sonli hamda Quyi Chirchiq tumanidagi 10-sonli maktablardan 250 dan ortiq o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi.

Yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuv yakunida 30 nafar o‘quvchi yoshga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalab kelayotgan bir guruh o‘qituvchi hamda murabbiylar “faxriy yorliq” va “tashakkurnoma” bilan taqdirlandi.

Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambili tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlari, o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari esa barchaga birdek manzur bo‘lib, xush kayfiyat ulashdi.