Qoraqalpogʻistonlik askar onalari sharaflandi

0
968

Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch sanaladi. Vatan himoyachisini voyaga yetkazib, tarbiyalash esa eng oliyjanob fazilatlardan boʻladi. Shu bois, yurtimizda har yilgi anʼanaga muvofiq Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida askarlar onalari sharaflanib, farzandlarining xizmatdagi yutuqlari eʼtiroflanadi.

Bu safar muddatli harbiy xizmatni Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarda oʻtayotgan qoraqalpogʻistonlik yigitlarning onalarini sharaflashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasidan ishtirok etgan Vatan himoyachilarining onalari Samarqandda xizmat qilayotgan farzandlari bilan videokonferens aloqa tizimi orqali real vaqt mezonida diydor uchrashib, samimiy suhbat qurishdi.

“Askar onalarini sharaflaymiz!” deb nomlangan tadbirda bir necha oydan beri armiyada yurib, magʻrur askar oʻgʻlonlari bilan faxrlangan onalarning dil soʻzlari, koʻp narsaning qadrini anglab yetgan yigitlarning minnatdorchiligi uchrashuvga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi.

Muddatli harbiy xizmatchilar onalari bilan suhbatda harbiy qismda yaratilgan sharoitlarni soʻzlab, xizmatda erishgan yutuqlari bilan maqtanishdi. Kelajak hayotga ulkan orzular qoʻyganini aytib, onalarini xushnud etdi. Bunday qulayliklardan magʻrurlangan onalar askarlarning komandirlariga minnatdorchilik bildirib, farzandlari omadlar tilashdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati