MUDOFAA VAZIRLIGI SPORTCHILARIDA YIL SARHISOBI

0
1735

Oʻtgan 2023-yil Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xalq bilan birdamlik, maʼnaviy va jismonan yuksalish, yuqori marralarni zabt etish yili boʻldi, desak toʻgʻri boʻladi. Chunki chin maʼnoda Qurolli Kuchlarimiz yurtimizning ravnaq topishi yoʻlidagi koʻplab tashabbuslarga oʻz hissasini qoʻshdi, milliy armiyamizning nufuzi va qadr-qimmatini yanada oshirish borasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi.

Sarhisob pallasida ayrim raqam va faktlarni keltirib oʻtar ekanmiz, aslida amalga oshirilgan ishlar salmogʻini bu sonlar bilan ifodalab boʻlmasligi, haqiqiy mehnat, kuch va mahorat yuksak darajada oshib borayotganini eʼtirof etishimiz zarur.

2023-yilda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida 3 bosqichli Umumarmiya oʻyinlari Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazildi. Bunda 10 ta sport turi, yaʼni armiya biatloni, armiya qoʻl janggi, otish sporti, ofitserlar uchkurashi, HSK koʻpkurashi, pichoq uloqtirish, milliy kurash, tosh koʻtarish, yengil atletika va badminton boʻyicha musobaqalar oʻtkazilib, okrug, harbiy qism va harbiy taʼlim muassasalarining 12 ta jamoalaridan tashkil topgan jami 600 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Bir soʻz bilan aytganda ushbu umumarmiya oʻyinlarida harbiy xizmatchi va kursantlarning kuch, chidamlilik, tezlik, chaqqonlik, egiluvchanlik, mohirlik kabi sifatlarini rivojlantirishda hamda jasurlik, mardlik hamda oʻziga boʻlgan ishonchini oshirishga erishildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qoʻl jangi, dzyudo, kurash, boks, regbi, futbol va shaxmat sport turlari boʻyicha “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqalari yuqori saviyada oʻtkazilib, gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2023-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi hamda Mudofaa vazirining tegishli buyruq talablarini bajarish maqsadida 2023-yilning 17-18-avgust kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kuch tuzilmalarining harbiy xizmatchi va xodimlari oʻrtasida “Mudofaa vazirining kubogi” uchun musobaqa Xiva shahrining “Ichan Qalʼa” davlat muzeyi qoʻriqxonasining “Koʻhna ark” maydonida oʻtkazildi. Musobaqa natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida Mudofaa vazirligi jamoasi mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi hamkorligida 2023-yil 29-31-may kunlari Mudofaa vazirligi sport kompleksida boʻlib oʻtgan tosh koʻtarish chempionatida ham 1-oʻrinni Mudofaa vazirligi jamoasi qoʻlga kiritdi.

Bu hali hammasi emas. Jamolarimizning kuch-qudrati xalqaro harbiy sport oʻyinlarida ham munosib baholandi.

2023-yil 2-9-iyun kunlari Qurolli Kuchlar akademiyasi bazasida MDHga aʼzo davlatlar oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari oʻrtasida II harbiy sport oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Unda 5 ta sport turi boʻyicha 6 ta davlatning 210 nafardan ortiq kursantlari ishtrok etdi. Musobaqalarning natijalariga koʻra, sport turlari boʻyicha umumjamoa hisobida Oʻzbekiston Respublikasi jamoasi toʻliq ustunlik bilan gʻalaba qozondi (2-oʻrin Rossiya Federatsiyasi, 3-oʻrinni Qozogʻiston Resupblikasi, 4-oʻrin Belarus Respublikasi, 5-oʻrin Qirgʻiz Respublikasi va 6-oʻrinni Tojikiston Respublikasi egalladi).

Bu, albatta, sohaga berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik, shaffof tizim va oqilona saʼy-harakatlar natijasidir.

Oʻtgan yil sarhisobi sportchilarimizning koʻksini bezagan medallar shodasida ham aks etdi. Mudofaa vazirligi sportchilari 2023-yil dekabr oyi holatiga koʻra respublika musobaqalarida 185 ta oltin, 75 ta kumush, 119 ta bronza – jami 379 ta medallarni; xalqaro musobaqalarda esa 115 ta oltin, 79 ta kumush, 96 ta bronza – jami 290 ta, umumiy 669 ta medallarni qoʻlga kiritdi.

Albatta, bu natijalar oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi. Buning zamirida nafaqat sportchilar, balki ularning tajribali murabbiylarining ham mehnati va mashaqqati yotadi. Sport markazida 33 nafar malakali trener oʻqituvchilar boʻlib, ulardan 5 nafari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy, 16 nafari oliy toifali trener-oʻqituvchi, 12 nafari 1-toifali trener-oʻqituvchi hisoblanadi. Sportchilarimiz orasida ham Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchilar, Xalqaro toifadagi sport ustalari koʻpchilikni tashkil etadi.

Fikrimizni qisqa raqamlarda ifodalaydigan boʻlsak, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻtgan yil davomida 25 ta okrug va qoʻshilmalar miqyosida 350 ga yaqin sport musobaqalari va tadbirlar boʻlib oʻtdi. Vazirlik sport markazida 27 ta sport turlari boʻyicha 450 ga yaqin yoshlar va oʻquvchilar bilan doimiy ravishda sport mashgʻulotlari va musobaqalar olib borildi. Harbiy okruglar (qoʻshilmalar) va oliy harbiy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan 228 ta sport toʻgaraklari va seksiyalarida jami 3 mingga yaqin oʻquvchi-yoshlar bilan tizimli ravishda mashgʻulotlar oʻtkazilib, ular ishtirokida 500 ga yaqin sport musobaqalari tashkil etildi.

Yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish maqsadida oʻrta umumtaʼlim maktablarining 10-11-sinflarida tahsil olayotgan Vatan tayanchi otryadi aʼzolari oʻrtasida “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasi 3 bosqichda yuqori saviyada oʻtkazildi.

“Yozgi taʼtilda bolalar va yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sportni ommalashtirish kompleks rejasi”ga muvofiq Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Tong” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida oʻtgan yilning iyun-iyul-avgust oylarida bolalar bilan taniqli murabbiy va sportchilar bilan koʻplab sport musobaqalari, davra suhbatlari oʻtkazildi.

Yoshlarni, ayniqsa, “ogʻir” va “qizil” toifaga kiritilgan hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlarini jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullantirish maqsadida sport markazi harbiy sportchilari tomonidan “Mohir mergan” sport musobaqasi oʻtkazilib, gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Aslida bu kabi tashabbuslar nafaqat vazirlik miqyosida, balki okrug va harbiy qismlarda ham faol tarzda olib borildi. Sport markazi sportchilari tomonidan yil davomida aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqilib, Vatan himoyachilari kuni, Navroʻz, Yoshlar kuni, Mustaqillik kuni, Davlat bayrogʻi kuni, Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan “Yangi nafas”, “Men gʻolib!”, “Vatan qalqoni”, “Ekiden” ommaviy yugurish musobaqalari butun Respublikamiz boʻylab oʻtishida Mudofaa vazirligi rahbariyati, harbiy xizmatchilar va sportchilarimiz amaliy yordam va namuna koʻrsatib, aholi, ayniqsa, yoshlarga chinakam ruh bagʻishladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti