Iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi Erkin Jo‘rayev tavalludining 80 yilligi nishonlandi

0
1873

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida gospitalning sobiq bosh jarrohi, iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi Erkin Jo‘rayev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan qutlov tadbiri o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilov, Markaziy harbiy klinik gospitali boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Xudoyqul Rahimqulov, Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasi boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulahatov va boshqalar mamlakatimiz harbiy tibbiyot tarmog‘ida yo‘lga qo‘yilgan ustoz-shogird an’anasi o‘z samarasini berayotgani, bunda malakali shifokorlarning tajribasi muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, tadbir qahramonini yubiley sanasi bilan qizg‘in va samimiy qutladi. Xususan, mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyevning iste’fodagi tibbiy xizmat polkovnigi Erkin Jo‘rayevga yo‘llagan qutlovi o‘qib eshittirildi.

Tadbirda qayd etilganidek, Erkin Jo‘rayev 1944-yil 2-yanvarda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan. 1961-yili Sho‘rchi tumanidagi maktabni aʼlo baholarga bitirgandan so‘ng Toshkent davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga o‘qishga kirgan. Qahramonimiz harbiy tibbiyot yo‘nalishiga qiziqqanligi tufayli 1965-yili o‘qishini Kuybishev tibbiyot oliygohining harbiy tibbiyot fakultetiga ko‘chiradi va 1967-yilda harbiy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli bitirib, hаrbiy shifokor mutaxassisligiga ega bo‘ladi.

O‘qishni bitirgandan so‘ng 1967–1969-yillarda harbiy aviatsiya batalyonida, 1969–1973-yillarda Turkiston harbiy okrugi garnizonida lazaret boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan. 1974–1976-yillarda Leningrad shahridagi Kirov nomidagi Harbiy tibbiyot akademiyasining rahbar kadrlar tayyorlash fakultetida tahsil olgan. 1976–1979-yillarda Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy gospitalning torakal jarrohligi bo‘limi boshlig‘i lavozimida xizmat faoliyatini olib borgan. Shuningdek, Riga shahridagi okrug harbiy gospitalida torakal jarrohligi bo‘limi boshlig‘i, sovet qo‘shinlarining Germaniyadagi harbiy gospitalida yetakchi jarroh, bosh jarroh sifatida xizmat o‘tagan.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, 1993–1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bosh jarrohi lavozimida xizmat qilgan. 1996–2013-yillarda Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmasida bosh jarroh, ushbu boshqarmasiga qarashli shahar onkologiya dispanserida bosh shifokor vazifalarida ishlagan. 2014-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi Ftiziatriya ilmiy-tekshirish institutida ftizioxirurgiya bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritdi. Hozirgi kunda Erkin Jo‘rayev Toshkent shahar ko‘p tarmoqli markaziy klinikada onkolog jarroh lavozimida ishlamoqda.

Tadbirda sharafli umr yo‘lini bosib o‘tgan, boy hayotiy tajribaga ega ustozning shogirdlari o‘zlarining dil so‘zlarini bildirib, samimiy tabrikladi. Shu kuni ushbu tadbir Erkin Jo‘rayevning shogirdlaridan biri, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali bosh jarrohi tibbiy xizmat polkovnigi Ulug‘bek Rasulovning ham tavallud kuniga ulanib ketdi. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali hamda Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasi shaxsiy tarkibi ishtirok etganda tadbirda tavalludi nishonlangan har ikki fidoyi shifokor sharafiga tabrik va qutlovlar aytilib, kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tiladilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti