Chirchiqdagi harbiy qismda “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi

0
1649

Keksa avlod vakillarini qadrlash, hurmat-ehtirom koʻrsatish va ularning koʻp yillik tajribasini yoshlarga oʻrgatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy qadriyatlarimizdan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!”, shior ostida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.

Tadbirga isteʼfodagi general Rahmatulla Ataxanov, Chirchiq shahar “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Olim Yuldashev va kengashning bir qator a’zolari hamda faol yoshlar taklif qilindi.

Mehmonlar dastlab harbiy qism faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirilib, jangovar qurol-aslahalar hamda koʻrgazmali qoʻl jangi chiqishlari namoyish etildi.

“Armiya va xalq birdamligi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Har bir nuroniy oʻnta yoshga masʼul”. Bu kabi iboralar keyingi paytda mamlakatimiz ijtimoiy hayotiga shu qadar singib bormoqdaki, buning natijasida yoshlar bandligini taʼminlash, ularni sport toʻgaraklariga jalb etish, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mahalla, hududiy hokimiyatlar, qolaversa Mudofaa vazirligi ham bevosita bosh-qosh boʻlmoqda.

Chirchiq shahar hokimiyati, shahar nuroniylar kengashi va Mudofaa vazirligi hamkorligida oʻtkazilayotgan tadbirlar ushbu fikrlarning yaqqol misolidir.

Tadbir davomida “Har bir nuroniy oʻnta yoshga masʼul” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida munosib qatnashgan O‘ktam Saydahmedov, “Uch avlod uchrashuvi”ni tashkillashtirishda faol ishtirok etgan To‘lqin Ibragimov, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi salomatligini asrash, oilalarda ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash, mahalla aholisi va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida o‘zaro totuvlikni ta’minlashdagi samarali mehnati uchun Ne’matullo Ramazonov va boshqalar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti