“Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi start oldi

0
914

Markaziy harbiy okrug “Forish” togʻ dala-oʻquv maydonida Qurolli Kuchlar miqyosida “Oʻz kasbining ustasi” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi boshlandi. Tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Qodir Tursunov Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga, ularning shijoat, mardlik va matonatini mustahkamlashga xizmat qiladigan musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.

Qiziquvchan oʻquvchi-yoshlarning kuzatuvlari ostida oʻtgan tadbirda yangragan harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi. Harbiy xizmatchilar “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri”, “Eng ilgʻor harbiy qism komandiri” nominatsiyalarida oʻzlarining bilim, tajriba va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazadilar.

Amaliy otish, jismoniy va taktik tayyorgarlik, test sinovlaridan yuqori koʻrsatkichga erishgan qatnashuvchilar gʻoliblar safidan oʻrin olishiga shubha yoʻq. Koʻrik-tanlovning tafsilotlari va natijalari bilan kelgusida batafsil tanishtiramiz.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti