Bemorlarga Yangi yil shukuhi ulashildi

0
1919

Mehr-muruvvat, saxovat ulashish xalqimizda ajdodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan xayrli va oliyjanob qadriyatlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, bayramlar arafasida ehtiyojmand oilalarni, shifo izlagan bemorlarni yoʻqlash, ularning holidan xabar olish va muruvvat koʻrsatish hayrli anʼanaga aylangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, insoniylik belgisi sanalagan mehr-muruvvat zamirida savob amallar mujassamdir.

Yangi yil bayrami shukuhini barcha yurtdoshlarimizga ulashish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan Nukus shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpogʻiston filialida davolanayotgan bemorlar holidan xabar olindi.

Bayram bosh qahramoni – Qorbobo kiyimidagi Nukus garnizoni harbiy orkestri ijodkorlarining bayramona kuy va qoʻshiqlari bemor bolajonlarning qalbini nurga toʻldirib, ular salomatligi yoʻlida fidoyilarcha xizmat qilayotgan shifokor va hamshiralariga ayyom shukuhini ulashdi.

Harbiy xizmatchilar orqali tarbiyalanuvchilarga yetib kelgan Qorboboning Yangi yil sovgʻalari mehrga muhtoj qalb egalarining kayfiyatini koʻtarib, ularning quvonchiga yanada quvonch baxsh etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati