Bolajonlarga bayram sovg‘alari ulashildi

0
1409

Toshkent shahridagi “Tomosha” bolalar teatr studiyasida Yangi yil bayrami munosabati bilan “Prezident archasi” tadbirining dastlabki seans dasturlari boshlandi.

Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan bayram dasturida mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, mas’ul ofitserlar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilarning bolalari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari ishtirokida har yili Yangi yil bayrami oldidan an’anaviy tarzda “Prezident archasi” tadbiri o‘tkazib kelinadi.

“Prezident archasi” tadbirining asosiy tantanalari joriy yilning 29-dekabr kuni poytaxtimizdagi “Tomosha” bolalar teatr studiyasida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda bolajonlarimizning Yangi yil bayramida munosib dam olishlari uchun “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Yangi yil ertaklari” nomli teatr tomoshasi namoyish etildi.

Tadbir yakunida bolajonlarga ulashilgan sovg‘a-salomlar ularga bayram kayfiyatini taqdim etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti