“Muruvvat” uyiga bayramona sovgʻalar ulashildi

0
1520

Mehr – koʻngil mulkidagi eng serjilo, eng nafis tuygʻu. Shunday manzillar borki, unda bir chimdim mehrni olamlarga alishmaydigan oʻksik koʻngillar yashaydi. Qashqadaryo viloyatidagi Qarshi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar uchun internat uyi tarbiyalanuvchilari ana shunday murgʻak qalblardir.

Yangi yil bayrami arafasida Qashqadaryo viloyat hokimi Murodjon Azimov boshchiligida bir guruh Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari “Muruvvat” uyiga bir olam quvonch ulashish maqsadida tashrif buyurdi.

Bugungi kunda internat uyida turli yoshdagi tugʻma nogironligi boʻlgan bolalar tarbiyalanmoqda. Viloyat hokimi hamda Qarshi shahridagi harbiy qism harbiylari maskanda bolajonlarga bor mehrini ulashib xizmat qilayotganlarga tashakkur aytib, mehnatlari eng oliy eʼtirofga loyiq ekanini alohida taʼkidladilar.

Shirin soʻz, sovgʻa-salomlar qorbobo va qorqizlar chiqishlari bilan bolalarjonlar qalblariga quvonch, yuzlariga tabassum ulashildi.

“Koʻngil – koʻngildan suv ichadi” – deydi dono xalqimiz. Tadbirni kuzatib, mehr insonning hayotiy ehtiyoji ekaniga amin boʻladi kishi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati