Xorazmlik besh nafar urush qatnashchilariga Prezidentning sovgʻalari topshirildi

0
1747

Ikkinchi jahon urushida Vatan ozodligi, kelajagi uchun kurashgan insonlarning koʻrgan-kechirganlarini hech qachon koʻra olmaymiz, ular oʻsha paytda qanday qiyinchiliklarini boshidan oʻtkazganini bilmaymiz ham. Ularning urush yillarida koʻrsatgan tengsiz mardlik va jasoratni esa xalqimiz hech qachon unutmaydi.

Ikkinchi jahon urushida 67 mingdan ziyod xorazmlik qatnashgan. Ularning qariyb yarmi jangda halok boʻldi, minglab norgʻul yigitlar nogiron boʻlib qaytdi, 7 mingdan ziyodining taqdiri nomaʼlumligicha qolmoqda. Jang maydonlarida koʻrsatgan jasorati uchun 3 mingga yaqin Xorazm oʻgʻloni orden va medallar bilan mukofotlangan.

Bugun Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yurtdoshlarimizning safi anchagina kamayib qolgan. Oramizda umrguzaronlik qilayotganlar ham bir asrga tenglashdi.

Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida istiqomat qilayotgan 100 yoshli otaxon Aminboy Matniyozov hamda salkam bir asrga tenglashgan qoʻshkoʻpirlik Vapo ota Iskandarovning xonadonlariga Yangi yil bayrami bilan tabriklash va holidan xabar olish uchun viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov va Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, faxriylar va bir guruh jamoatchilik vakillari tashrif buyurishdi.

Nuroniylarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi, sovgʻa-salomlari va moddiy yordam, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Bugun belidan quvvati qochib, kamgap boʻlib qolganiga qaramay mehmonlarning tashrifidan koʻngli shod boʻlgan nuroniylar hozirgi tinchlik va osoyishtalikka koʻz tegmasin deya duo qilishdi.

Shuningdek, Prezident sovgʻalari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Xazorasp tumanidagi Bekchon Matnazarov, Urganch shahridan Sobir ota Qurbonov hamda gurlanlik Bobojon Madaminovlarga tantanali tarzda topshirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati