Surxondaryoda urush faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi

0
1722

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida Ikkinchi jahon urushining besh nafar qatnashchisi istiqomat qilib kelmoqda. Kuni kecha ularga Prezidentimizning Yangi yil bayrami munosabati bilan yoʻllagan tabrik va sovgʻalari yetkazildi.

Dastlab viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov, polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev faxriylar va yoshlar hamrohligida Sherobod tumanida istiqomat qiluvchi 100 yoshni qarshilagan Kenja bobo Ilamanov xonadonida boʻlib, bayram bilan tabrikladilar.

Faxriy nuroniy mehmonlar bilan suhbat davomida oʻzining urush yillari xotiralari, oʻtgan davrlarning qiyinchiliklari, hayot tajribalari haqida soʻzlab berdi. Bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish kerakligini takror-takror taʻkidlab, Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga koʻrsatilayotgan doimiy gʻamxoʻrlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Nuroniylar va tadbirga jam boʻlganlar mustaqilligimiz abadiyligi, yurtimiz tinchlik-osoyishtaligi barqaror boʻlishini, xalqimiz farovonligini soʻrab duoga qoʻl ochishdi.

Tadbir davomida Termiz garnizoni harbiy orkestr jamoasi Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari hamda bolajonlarning raqslari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Shuningsek, harbiy xizmatchilar viloyatning Boysun, Denov, Qumqoʻrgʻon va Shoʻrchi tumanilarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ham bayram tabrigi va sovgʻalarini yetkazib berdi.