Qoraqalpogʻistonlik uch nafar urush qatnashchilariga Prezidentning sovgʻa-salomlari yetkazildi

0
1240

Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning bevaqt oʻlimiga, katta yoʻqotishlar va talafotlarga sababchi boʻlgan tarixdagi eng dahshatli qonli qirgʻinlardan biri sifatida muhrlanib qoldi. Millionlab insonlarning yostigʻini quritgan oʻsha urushda yurtdoshlarimiz ham tinchlik va yorqin kelajak uchun mardonavor kurash olib bordi, jang maydonlarida qurbon boʻldi, yaralandi, mayib-majruh boʻlib qaytdi. 

Ta’kidlash kerakki, urushda 66 ming nafar qoraqalpogʻistonlik ishtirok etgan va ulardan 34 ming nafari janggohlarda halok boʻlgan. Qoraqalpogʻistondan frontga safarbar etilgan 14 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Bugungi dorilomon kunlarda qoraqalpogʻistonlik uch nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi zamonamizda umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Kirib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Eramanov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Dilshod Ilhomov hamda qoʻmondon oʻrinbosari podpolkovnik Asqar Beknazarov, Nukus shahar hokimi Abat Daniyarov, Toʻrtkoʻl tumani hokimligi, mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari hamda keng jamoatchilik vakillari Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshgan Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Qodirboy Normanov va Mariya Karnishina, toʻrtkoʻllik 99 yoshli Ivan Galenko holidan xabar olishdi.

Tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi, sovgʻa-salomlari va moddiy yordam, birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari yetkazib berildi.

Keksayib qolgan otaxon-u onaxonlarga bugungi tinchlik va osoyishtalik uchun minnatdorchilik bildirildi. Faxriylarning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va jasorati ulugʻlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati