Qashqadaryoda urush faxriylari holidan xabar olindi

0
1646

Har yili bayram arafasida respublikamizning barcha hududlarida istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezident sovgʻalarini topshirish, ularni bayram bilan qutlash maqsadida xonadonlariga tashrif buyurish anʼanaga aylangan.

Qarshi shahar hokimi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, yoshlar hamda davlat va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Qarshi shahridagi qahramonlar oilalariga bordilar.

Ahmat bobo Jalilov bugun 99 yoshda. Umrining eng navqiron, kuchga toʻlgan 18 yoshida – 1943-yilda mashʼum urush fronti tomon otlandi. Ota yurt, ona makon erki uchun issiq quchogʻiga sovuq qurol oldi. Sadoqat, mardlik, jasorat singari qorishiq hislar bilan yovga yuzma-yuz keldi. Balki shu tuygʻular panohidami gʻalabadan soʻng koʻksiga medallar bilan, uyga salomat qaytish baxti nasib etdi. Bugun uch nafar oʻgʻil, yetti nabira va koʻplab evaralar gʻamxoʻrligida.

Prezidentimizning bayram tabrigi oʻqib eshittirilib, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻa-salomlar topshirildi.

Nasirova Vera Andreyevna ham ana shunday qahramon onalarimizdan. Uning oʻsmirligi ham dahshatli urush yillariga toʻgʻri keldi. Oʻsha vaqtdagi koʻplab xotin-qizlarimiz singari er-yigitlardek Vatan himoyasi uchun dushmanga qarshi razvedka harakatlarida ishtirok etib, qahramonligi va qalb jasoratini namoyish etdi.

Harbiy orkestr sadolari ostida koʻplab yoshlar va mehmonlar guvohligida Vera Nosirovaga Prezident tabrigi oʻqib eshittirildi. Tabriknomani diqqat bilan tinglayotgan onaxon dilidagi gʻurur va bugungi dorilomon kunlarga shukronalik hissi teran nigohlarida aks etdi.