Samarqand, Navoiy hamda Jizzax viloyatlarida urush faxriylariga Prezident sovgʻalari topshirildi

0
1250

Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida bugungi kunga kelib 16 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari tinch va osuda hayotimizga shukronalar keltirib umrguzonlikda hayot kechirishmoqda.

Bizga ana shunday tinch va farovon hayotni taʼminlashda o‘z hissalarini qoʻshgan faxriylarimizni qadrlash, ularning holidan xabar olish va yaqinlashib kelayotgan bayramlar bilan qutlash maqsadida davlatimiz rahbari barcha Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti qatnashchilariga oʻz tabrigini va bayram sovgʻalarini yoʻlladi.

Ushbu bayram sovgʻalarini topshirish Samarqand viloyatidagi urush faxriylari xonadonlaridan boshlandi. Jumladan, Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mixail Kalmogorov okrug qoʻmondonligi va viloyat hokimligining tashrifidan mamnun boʻldi. 

Navbatdagi manzilda mehmonlar front ortida zahmat chekkan Sofiya Pogrebovanikida boʻlib, uning salomatligini koʻzdan kechirib, shukrona kunlarimiz uchun minnatdorchilik bildirildi.

Shu qatorida Samarqand viloyatida Rahmon Abilov, Axat Achilov, Rahmat Qoilov, Rayim Yusupov hamda Boʻron Gadoyevning xonadonida okrug boshqaruv apparatining maʼsul ofitserlari, tuman hokimliklari, mudofaa ishlar boʻlimi hamda yoshlar hamrohligida bayram sovgʻalari yetkazildi.

Navoiy viloyatida ham viloyat hokimi Normat Tursunov va okrug qoʻmondonligi boshchiligida Shukur Xomitov, Pinazar Turdiyev, Tursun Ergashev, Norboy Kazakov, Boboyar Karimov hmada Rashida Ishkulovalarga ham garnizondagi harbiy xizmatchilar, tuman hokimliklari hamda yoshlar ishtirokida oʻz sovgʻalari yetkazildi.

Minglab oʻglonlarini yurt tinchligi uchun frontga yuborgan Jizzaxda ham bugunga kelib uch nafar urush qatnashchilari, yaʼni Mamasharif Sodiqov, Xolbek Ravshanov hamda Vera Tolpeyevalar osuda hayot kechirib kelishmoqda.

Bugun ularning ham xonadoniga viloyat hokimi Ergash Soliyev hamda harbiy xizmatchilar Prezident sovgʻalari bilan haqiqiy bayram shukuhini olib kirdi. 

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati