Vatan tinchligi yoʻlida qilingan qahramonlik hech qachon unutilmaydi

0
1164

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligining bir guruh harbiy xizmatchilari poytaxtimizning Yashnobod tumani, “Aviashaharcha” MFYda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi faxriysi 98 yoshni qarshilagan otaxon Pavel Materikov xonadonida boʻlishdi.

Yurt posbonlari faxriy otaxonni bayram bilan muborakbod etishar ekan, uning bosib oʻtgan shonli hayot yoʻli, barchaga birdek oʻrnak vazifasini boʻlayotganini alohida eʼtirof etishdi.

Pavel Materikov 1925-yil 25-mart sanasida Rossiya Federatsiyasida tavallud topgan. 1943-yilda navqiron 18 yoshida Vatan himoyasiga qarab yoʻl olgan. Armiyada aloqachi boʻlib faoliyat olib borgan Pavel Materikov dastlab Bresk, Ikkinchi Belarus frontida xizmat qilgan. Keyinchalik Pragani dushmandan ozod etishda mardonavor kurash olib borib, Berlinni ham zabt etishda oʻz hissasini qoʻshgan.

Urushdan soʻng Turkiston harbiy okrugida harbiy xizmatni davom ettiradi. Hozirda ikki qizning mehribon otasi, koʻplab nabiralarning suyukli bobosi boʻlgan Pavel Materikovga bayram munosabati bilan yoʻllangan Prezident tabrigi oʻqib eshittirildi. Shuningdek, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻa ham topshirildi.

1945-yili Germaniyaning Ashaffenburg shahridagi konslagerda qizaloq dunyoga keladi. Onasi unga Alla deb ism qoʻyadi. Urush tugab, oradan yillar oʻtdi. Alla Funtikova hozirda 78 bahorni qarshilagan. Onaxon Toshkentning Yashnobod tumani, “Navroʻzobod” MFYda istiqomat qiladi. Harbiy xizmatchilar Alla Funtikova xonadonida boʻlib, samimiy suhbat qurishdi. Shundan soʻng, onaxonga yurtboshimizning faxriylarga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirilib, sovgʻalar ham topshirildi.

Yurt oʻgʻlonlarining navbatdagi manzili 85 yoshli faxriy onaxon Nina Martinovaning xonadoni boʻldi. 4 yoshli qizaloq Nina Martinova urush yillarida Leningrad qamalida hayot uchun kurashadi. Olovli urush qizaloqni ocharchilik, yoʻqchilik, qahatchilik, bilan sinaydi. Yaqinlaridan, doʻstlaridan birin-ketin judo qiladi. Leningrad qamalidan ozod boʻlgan Nina xolasi bilan Oʻzbekistonga qarab yoʻl oladi. Keyinchalik u zavod va fabrikalarda oshpaz boʻlib ish faoliyatini olib boradi. Bugun esa onaxon uchun unutilmas kun. Nina Martinova inson qadri ulugʻlanayotgan Yangi Oʻzbeksitonda koʻrsatilayotgan bunday hurmat va izzatdan juda mamnun. Qahramonimizga ham Prezidentimizning bayram tabrigi, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Aytish kerakki, bu kabi tadbirlarda Ikkinchi jahon urushida xurlik istab jang maydonida jon olib, jon bergan ajdodlarimiz koʻrsatgan jasorat, matonat, bagʻrikengliklari taqsinga sazovordir. Insoniyat tinchligi uchun yuksak fidokorlik namunalarini koʻrsatgan faxriylarimizni eʼzozlash borasidagi chora-tadbirlar yurtimiz boʻylab davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti