Yil sarhisobi va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi

0
1265

Bajarilgan ishlar sarhisobi, qoʻlga kiritilgan yutuq va kamchiliklar, istiqboldagi rejalar, yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish hamda ulardan toʻgʻri xulosa chiqarish. Barcha sohalarda boʻlgani kabi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligining yillik hisoboti bu yil odatdagidan koʻra noodatiy tarzda oʻtkazildi.

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi majlislar zalida parvoz xavfsizligi boʻyicha ikki kunlik 2023-yilgi hisobot konferensiyasi Vatanimiz havo sarhadlarini qoʻriqlashdek sharafli kasbni bajarish chogʻida halok boʻlgan qahramonlar xotirasini yodga olish bilan boshlandi. Konferensiyani general-mayor Ahmad Burhonov kirish soʻzi bilan ochib berib, yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish borasida keskin, tanqidiy fikrlarni bildirdi.

– Bizni hali oldimizda koʻplab muhim ishlarni amalga oshirishdek masʼuliyatli vazifalar turibdi. Harbiy aviatsiyamiz sohasini yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydanlanmayapmiz. Ulardan biri – parvoz xavfsizligini taʼminlash. Harbiy uchuvchilarimizning jangavor parvozlarni amalga oshirish jarayonida bu jihat oʻta muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi general-mayor Ahmad Burhonov.

Vazir oʻrinbosari oʻtgan yillar davomida aviatsiya hodisasi bilan bogʻliq noxush vaziyatlar foizi sezilarli darajada kamayganiga toʻxtalsa-da, ayrim harbiy qismlar komandirlari va parvoz xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼul ofitserlarga qatʼiy talablar boʻyicha ishlash kerakligini taʼkidlab oʻtdi. Yil davomida yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish borasida har bir harbiy xizmatchi oʻz vazifasiga sidqidildan yondashuvi kerakligi alohida eʼtirof etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti