Konslagerda tugʻilgan yurtdoshimiz va harbiy aloqachi ayol xonadoniga tashrif

0
2493

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Ikkinchi jahon urushi faxriylari holidan xabar olish maqsadida ularning xonadonlariga tashrif buyurdi. Shubhasiz Yangi yil arafasidagi bu kabi anʼanaviy yoʻqlovlar faxriylarimizning xursandchiliklariga sabab boʻlmoqda.

Birinchi manzil poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida istiqomat qiluvchi Rustem Menaliyev xonadoni boʻldi. U 1945-yil Germaniyaning Zagan shahrida mahbuslar “Shoyngayden” konslagerida tugʻilgan. 1945-yilda gʻalabadan keyin onasi bilan Toshkentga yuborilgan.

1974-yilda Toshkent politexnika institutining qurilish fakultetini tamomlagan Rustem Menaliyev muhandis-konstruktor, muhandis-konstruktor rahbari, bosh muhandis va bir qator lavozimlarda mehnat qildi. Turmush oʻrtogʻi bilan ikki nafar qizni voyaga yetkazdi.

Yangi yil arafasidagi kutilmagan yoʻqlovdan koʻngli chogʻ boʻlgan qahramonimiz farovon diyorda yashayotganidan faxrlanishi, tinchliksevar xalqimizning mehr-saxovati cheksiz ekanini bot-bot taʼkidladi. Maroqli va hayajonli suhbatlar asnosida qahramonimizga Prezident hamda Mudofaa vazirligi sovgʻalari topshirildi.  

Ikkinchi manzilimiz ushbu tumanda istiqomat qiluvchi Yevdokiya Nesterova xonadoni boʻldi. 1924-yilda Rossiyaning Ryazan shahrida tugʻilgan qahramonimiz 1938-yilda Ryazan shahridagi maktabning 7 sinfini tamomlagan. Soʻngra 1940-yilda Volokolamisk shahridagi qishloq xoʻjaligi texnikumiga oʻqishga kirgan va 1-bosqichni tamomlay olmay, oʻqishini radist-aloqachi sifatida davom ettirgan. Soʻngra markaziy telegrafga ishga qabul qilinib, u yerda oz muddat ishlagach, harbiy xizmatga chaqiriladi va Polshaga aloqachi sifatida urushga olib ketiladi.

Buni qarangki, u urush tugaganidan soʻng ham ikki yil harakatdagi Sovet armiyasida xizmat qiladi. Taqdir taqozochi bilan u hozirda Oʻzbekistonda yashab kelmoqda. Turmush oʻrtogʻi bilan 42 yil tinch va farovon hayot kechirib, ikki nafar farzandni voyaga yetkazdi.

Qahramonimiz urush azoblari haqida soʻzlar ekan, uning yuzida mahzunlik, sargardonlik kayfiyati shundoqqina balqib turar edi.  

Bugun esa u yaqinlari, doimo xabar olib turuvchi yaxshi insonlar qurshovida. Iliq soʻzlar va esdalik sovgʻalarni qabul qilar ekan, qahramonimiz bu yurtda har doim baxtiyor ekanini yashirib oʻtirmadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti boshligʻi general-leytenant Shavkat Normatov boshchiligidagi harbiy xizmatchilar Mirzo Ulugʻbek tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi faxriylari Valeriya Sopriko va Zinaida Bolochenkova xonadonlariga tashrif buyurdi.

Yangi yil bayrami oldidan mehnat faxriylari va urush qatnashchilarining holidan xabar olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yangi yil tabrigi oʻqib eshittirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti