Urush faxriylariga ehtirom koʻrsatildi

0
876

Mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Qodir Tursunov boshchiligidagi harbiy xizmatchilar poytaxtimizning “Munavvarqori” MFYda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushidan jabrlangan Nikolay Pechenkin xonadonida boʻlishdi.

Urush vaqtida va undan soʻng koʻplab medal va ordenlar bilan mukofotlangan otaxon samimiy suhbat davomida suronli yillarni esga olib, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik naqadar muhim ekanligini shukronalik bilan tilga oldi. Yoshi 97 ga kirgan otaxon koʻrsatib kelinayotgan gʻamxoʻrlik uchun Mudofaa vazirligiga oʻz minnatdorligini bildirdi.

Shu kuni tumanda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Vladimir Chimuxin xonadoniga tashrif ham amalga oshirildi. Gʻalabadan soʻng Toshkent shahriga yuborilgan va qolgan umrini shu yerda davom ettirayotgan otaxon bugungi tinch va osoyishta hayotni qadri nihoyatda yuqori ekanligini, bugungi kunda nuroniylar va mehnat faxriylariga yaratilgan sharoitlar, eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan gʻoyat minnatdorligini koʻzda yosh bilan alohida taʼkidladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti