Nuristonda yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi

0
1627

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Yoshlarda milliy armiyamiz qudrati borasida gʻurur hissini oshirish va tinchlik degan buyuk neʼmatni qadrlash kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan tadbirga Nishon tumanida joylashgan 20-, 35- hamda 38-umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilari taklif etildi.

Saf maydonida yoyilgan oʻquv nuqtalarida mehmonlar harbiy xizmatchilarning anjom-aslaha va qurol-yaroqlari bilan yaqindan tanishib, koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Dastlab, mehmonlar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bugun barcha harbiy qismlarda “Amir Temur” hamda “Jaloliddin Manguberdi” tematik sinflari tashkil etilgan va bu harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda aholi vakillarining ham bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Mutaxassis yurt oʻgʻlonlari yordamida yoshlar ushbu sinflarda tarixga oid bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniga ega boʻldilar.

Harbiy qism harbiy psixologlari mehmonlar bilan ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonasida psixoemotsional holatni baholashga qaratilgan psixokonsultatsiyalar oʻtishdi. Faxriy harbiylar tomonidan aytilgan oʻgitlar oʻquvchilar uchun maʼno maxzani vazifasini oʻtadi. “Vatanparvar” tashkiloti sport seksiyasi toʻgarak aʼzolarining koʻrgazmali chiqishlari yoshlarni sogʻlom turmush tarziga jalb qilishda muhim oʻrin tutishi tabiiy.

Bu kabi tadbirlarda ertamiz egalari koʻzlarida sadoqat va matonat aks etib turgan Vatan himoyachilari bilan yuzma-yuz suhbatlar qurib, harbiy hayot sharafi va mashaqqatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlyapti. Bu esa ularda harbiylik kasbiga havas uygʻotish uchun xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati