Yoshlarni muddatli harbiy xizmatga jalb etish boʻyicha seminar oʻtkazildi

0
3952

Markaziy harbiy okrugning situatsion markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar, Yoshlar siyosati va sport, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirliklarining qoʻshma qarori ijrosini taʼminlash maqsadida seminar oʻtkazildi.

Unda okrug qoʻmondonligi, Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlari hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, DXX, IIB, Bandlik boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentligi hamda viloyat mudofaa ishlari boshqarma va tuman boʻlimlari vakillari ishtirok etishdi.

Seminarda dastlab, Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekanligi, fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʻtashga majburligi boʻyicha maʼruza qilindi. 

Shuningdek, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari hamda mahalladagi yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda tuman (shahar)dagi mavjud chaqiruv resursini “Mahallabay” tizimida oʻrganish, muddatli harbiy xizmatga munosib nomzodlarni tanlab olishni tashkil etish choralari koʻrildi.

Videoselektor orqali oʻtkazilgan seminarda Jizzax va Navoiy viloyatlari vakillari ham soʻzga chiqib, mahallada muddatli harbiy xizmatni oʻtash istagida boʻlgan 18 yoshga toʻlgan yoshlar roʻyxatini tuman(shahar) mudofaa ishlari boʻlimlariga taqdim qilish tartibi haqida gapirdi.

Seminarda asosiy masala sifatida umumiy harbiy majburiyatini bajarishdan boʻyin tovlashlarning oldini olish maqsadida yoshlarda yurt tinchligi va taraqqiyotiga dahldorlik tuygʻularini oshirish boʻyicha targʻibot tadbirlarini oʻtkazish hamda chaqiriv mavsumida yoshlarga mudofaa ishlar boʻlimlarida qulay sharoitlarni yaratish masalalari koʻrib chiqildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati