Navoiyda rahbarlar yoshlarning murojaatini tingladi

0
1558

Markaziy harbiy okrugning Navoiy garnizonidagi harbiy qismda oʻtkazilayotgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinida ishtirok etayotgan yoshlarni milliy armiyamiz saflarida qolishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Unda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev, Navoiy viloyat hokimining oʻrinbosarlari Sanʼatillo Hikmatov va Sadulla Mirzayev, Navoiy harbiy prokurori, adliya polkovnigi Joʻrabek Oʻrinov, Navoiy viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari podpolkovnik Shokir Sadikov hamda viloyatdagi yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, Bandlik boshqarmasi va oliy taʼlim muassasalarining vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda dastlab rahbarlar yoshlarning “Jasorat maktabi”da olgan taassurotlari, oʻrgangan kasb-hunari boʻyicha fikrlarini tinglab, oʻz xizmat faoliyati, hayotiy tajribalari va yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar xususida toʻxtalib o‘tdi, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanish lozimligi boʻyicha oʻz masalahatlarini berdilar.

Shuningdek, yoshlarga yurtimizdagi oliy harbiy bilim yurtlariga oʻqishga kirish, muddatli harbiy xizmatga borish va xizmatda qolish tartibi boʻyicha maʼlumotlar berib oʻtildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati