Qoʻshinlarning doimiy jangovar shayligi, fuqarolar murojaatiga eʼtibor Senat qoʻmitasi majlisida muhokama qilindi

0
3020

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasida dolzarb mavzularga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Shuningdek, yillik rejaga asosan Qurolli Kuchlar qurilishi, uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtashi va mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlashga oid boshqa masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shu bilan birga, 2023-yilning oʻtgan davrida vazirlik tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida mudofaa vazirining axboroti eshitildi. Uni mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev oʻqib eshittirdi.

Qayd etilganidek, 2023-yilning 13-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni rahbarligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini sifatli taʼminlash maqsadida Mudofaa vazirligi tomonidan samarali ishlar olib borildi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining doimiy jangovar shayligini saqlash maqsadida joylarda toʻsatdan tekshiruvlar real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan sharoitda oʻtkazildi. Buning natijasida operativ tayyorgarlik tadbirlarining soni koʻpayib, qoʻmondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishildi.

Shu bilan birga, joriy yilning oʻtgan davrida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish hamda xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish tadbirlari rejali amalga oshirilgan.

Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, shuningdek, bilim saviyasi boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarga oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar olib borildi. Jumladan, Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy pedagogika va psixologiya mutaxassisliklari boʻyicha 2 yillik maxsus sirtqi taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyildi. Qoʻshinlarni yangi namunadagi qurol-aslaha va texnikalar bilan butlash, modernizatsiya qilish va taʼmirlash ishlari davom ettirildi.

Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati tizimli yoʻlga qoʻyilgani ham yigʻilishda alohida qayd etildi. 2023-yilning 11 oyida Mudofaa vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 4 074 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 826 tasi ijobiy hal etilgan, 2 005 ta murojaatga huquqiy maslahat berilgan va 243 tasi oʻrganib chiqilmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarda asosan harbiy xizmatchilarning oilaviy sharoiti boʻyicha bir joydan boshqa joyga oʻtkazish, harbiy xizmatga tiklash, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga kirish, uy-joy masalalari, oliy harbiy taʼlim muassasalari harbiy kafedralariga oʻqishga kirish, oʻtkazish va qaytadan tiklash hamda nafaqa va ijtimoiy taʼminotning boshqa masalalari koʻtarilgan.

Mudofaa vazirligi rahbariyati va masʼul xodimlari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabullarda 814 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilingan va ularga tegishli amaliy yordam koʻrsatilgan.

Oʻz navbatida, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.

Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlash, masʼul rahbarlarning bu boradagi shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish, fuqarolar murojaatlarida eng koʻp koʻtarilgan masalalarni tahlil qilish va ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan har bir muammoli masalalar yuzasidan oʻz vaqtida hamda asosli munosabat bildirish, murojaatlarni oʻrganishda xodimlarning masʼuliyatini yanada oshirish hamda ichki nazoratni kuchaytirish boʻyicha aniq choralarni koʻrish masalalari qayd etildi.

Senator va ekspertlar tomonidan bildirilgan taklif, mulohaza va savollarga masʼullar tomonidan shu yerning oʻzida javob berildi.

Yigʻilishda shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining oʻrinbosari, adliya polkovnigi Qahramon Isroilov ham soʻzga chiqib, harbiy prokuratura organlari tomonidan 2023-yilning oʻtgan davrida Qurolli Kuchlar tizimida qonun ustuvorligini taʼminlashda prokuror nazorati doirasida amalga oshirilgan ishlar holati toʻgʻrisida axborot berdi.

Katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti