“Oʻz kasbining ustasi” unvoni uchun: tanlov qizgʻin pallaga kirdi

0
2207

Markaziy harbiy okrugning “Forish” umumqoʻshin togʻ poligonida Qurolli Kuchlar miqyosida “Oʻz kasbining ustasi” unvoni uchun koʻrik-tanlovning respublika bosqichi qizgʻin pallaga kirdi.

Tanlovning tantanali ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyaboyev va boshqalar mamlakatimizda harbiy xizmat nufuzini yanada mustahkamlash, yurt posbonlarining oʻz kasbiga sadoqat hissini kuchaytirish, qoʻshinlarning jangovar shayligini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, barcha ishtirokchilar ulkan zafarlar tiladi. Tantanali tadbirda Jizzax viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur qiyofasi gavdalantirilib, tarixiy monologlari ijro etildi. Okrug harbiy orkestri tanlov ishtirokchilari eʼtiboriga oʻzining musiqiy dasturini namoyish etdi.

Soʻng tanlovning nazariy va amaliy shartlariga start berildi. Hududiy bosqichlarda oʻz yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan musobaqa ishtirokchilari beshta yoʻnalish boʻyicha kuch sinashdi. Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining qoʻshilma, qism va muassasalarida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar “Eng ilgʻor brigada komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor guruh komandiri” va “Eng ilgʻor serjant” nominatsiyalari boʻyicha bellashmoqda.

2004-yildan beri Qurolli Kuchlar miqyosida tashkil etib kelinayotgan ushbu koʻrik-tanlov oʻz nomi bilan har yili eng sara mutaxassislarni, yuksak jangovar tayyorgarlik, abjirlik va mahorat egalarini kashf etmoqda.

Jangda toʻgʻri tanlangan taktika gʻalaba qozonish imkonini beradi. Koʻrik-tanlovda ham har bir qatnashchining bu boradagi bilimlari sinovdan oʻtkazildi. Berilgan topshiriqqa koʻra qaror qabul qilish, shaxsiy tarkibga aniq vazifalar berish, shartli dushman joylashgan koordinatalarini aniqlash va harakat rejasini shunga muvofiq ishlab chiqish… har bir komandirning yuksak bilim va tajribasiga bevosita bogʻliq. Qatnashchilarning bu boradagi koʻnikmalari esa harbiy topografiya boʻyicha berilgan vazifalarda baholandi.

Umumharbiy nizom va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha 50 ta savol. Ularga javob topish uchun esa har bir ishtirokchiga 120 daqiqa vaqt berildi. Bunda egallangan kasbiy bilimlar yuzaga chiqdi. Xullas, berilayotgan bu shartlar har bir komandirda turli nostandart vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish, shaxsiy tarkibni mohirona boshqarish koʻnikmalarini shakllantirishi bilan ham ahamiyatlidir. Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ham ishtirokchilar belgilangan sinovlardan oʻtishdi.

Musoboqa davom etmoqda. Harbiy xizmatchilarni hali oldinda bir-biridan murakkab va mashaqqatli shartlar kutib turibdi. Ular haqida esa keyin batafsil maʼlumot beramiz.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti