Faxriylar doimo e’zozda

0
1735

Mudofaa vazirligi tizimida koʻp yillar xizmat qilgan isteʼfodagi tibbiy xizmat polkovnigi Isroil Mamatov 75 yoshni qarshi oldi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasida Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, safdoshlar va shogirdlar ishtirokida kecha oʻtkazildi. Eʼtirof etilganidek, hozir ham boʻlgʻusi harbiy shifokorlarga saboq berayotgan ustozning hayot yoʻli ibratlarga boy. Akademiyaning katta oʻqituvchisi dotsent Isroil Mamatovga qutlugʻ yoshi munosabati bilan mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻining esdalik nishoni topshirildi. Shu bilan birga, mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari tabrigi oʻqib eshittirildi.

Shogirdlar va doʻstlar eʼzozida boʻlgan Isroil Mamatovning harbiy tibbiyot sohasiga oid oʻnga yaqin oʻquv qoʻllanma va risolalari bugun qoʻshinlarda malakali mutaxassislarni tayyorlashda dasturilamal boʻlmoqda. Ustozni ulugʻ yosh bilan muborakbod etamiz!

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti