Fargʻonada “Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi boshlandi

0
1701

Respublikamizdagi vaqtincha ishsiz, uyushmagan va profilaktik hisobda turuvchi yoshlar bilan “Jasorat maktabi” 10 kunlik harbiy-vatanparvarlik oʻquv yigʻinlari barcha viloyatlarda oʻtkazib kelinmoqda.

Jumladan, “Fargʻona” dala oʻquv maydonida ham mazkur vatanparvarlik oʻquv yigʻinining navbatdagi mavsumi boshlandi va qizgʻin davom etmoqda. Yigʻinning boshlanishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, viloyat hokimligi, Yoshlar ittifoqi Fargʻona viloyat kengashi vakillari, faxriylar, harbiy xizmatchilar hamda 100 nafar yigʻin ishtirokchisi qatnashdi. Yoshlarga mazkur 10 kunlik yigʻindan koʻzlangan maqsad hamda bugungi kunda yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish toʻgʻrisida tushunchalar berildi.

Tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan musiqalar hamda faxriy qorovulning koʻrgazmali saf chiqishlari barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Shuningdek, “Jasorat maktabi” harbiy oʻquv yigʻini ishtirokchilari bilan suhbatlar oʻtkazilib, ularga yaratilgan sharoitlar masʻullar tomonidan koʻzdan kechirildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati