Qoraqalpogʻiston va Xorazmda kuch tuzilmalarining hamkorlikdagi oʻquv mashqlari oʻtkazildi

0
807

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshchiligida oʻtkazilgan oʻquvlar doirasida olingan shartli signalga muvofiq Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug boshqaruv apparati hamda boʻysunuvdagi harbiy qism va muassasalar yuqori jangovar shaylik darajalariga keltirildi. Oʻquvlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad, jangovar shaylikni saqlash, kuch tuzilmalari bilan hamkorlik masalalarini tashkillashtirish, shaxsiy tarkibning nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish kabilardan iborat.

Mashgʻulotlar davomida boʻlinma komandirlarining koʻnikmalarini mustahkamlash, javobgarlik hududini himoya qilish boʻyicha oʻquv-jangovar harakatlarni rejalashtirish, safarbarlik resurslarini toʻplash va yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni takomillashtirish hamda har tomonlama qoʻshinlar taʼminotini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Boʻlinmalarning navbatchi kuch va vositalari orqali shaxsiy tarkibni tezkor ogohlantirish, komandirlarning boʻlinmlarni yuqori jangovar shaylik darajasiga keltirishda bajaradigan ishlari, boʻlinmalarning jipslikdagi harakatlari, shaxsiy tarkib, jangovar texnika va qurol-aslahalarning jangovar vazifani bajarishga tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻquvlar davomida kuch tuzilmalari bilan birgalikdagi oʻquv va amaliy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, razvedka boʻlinmalari tomonidan chegara oldi hududlarida razvedka-qidiruv harakatlari olib borilib, shartli dushman ehtimoiy yoʻnalish marshrutlari sinchkovlik bilan oʻrganib chiqildi.

“Nukus” aeroportida yuzaga kelgan favqulodda holatni bartaraf etish hamda jabrlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda hamkor davlat boshqaruvi organlari ishtirokida koʻrgazmali taktik-maxsus oʻquvi boʻlib oʻtdi. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining davlat chegaralarini qoʻriqlash va himoya qilish boʻyicha qoʻmondonlik-shtab oʻquvi namoyish etildi.

“Yangiariq” umumqoʻshin poligoni hududida Urganch garnizonidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismning vzvod-taktik guruhi tomonidan shartli dushman kuchlarini tunggi sharoitda yakson etish boʻyicha jangovar otishma bilan oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.

Shuningdek, ushbu poligonda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boʻlinmalari bilan shahar sharoitida garovga olingan fuqarolarni qutqarish va shartli terrorchilarni yoʻq qilish boʻyicha maxsus oʻquvlar koʻrsatib berildi.

Mazkur oʻquv mashgʻulotlari boʻlinma va harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik boʻyicha bilim va koʻnikmalarini yana bir bor sinovdan oʻtkazib, tajribalarini yanada mustahkamladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati