Prezident maktabi oʻquvchilari harbiy okrug boshqaruv apparati mehmoni bo‘ldi

0
1471

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi Samarqand harbiy prokuraturasi bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi Prezident maktabida tahsil olayotgan oʻquvchi yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etdi.

Dastlab oʻquvchilar harbiy okrug boshqaruv apparatida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, jumladan IT-park, tarix oʻquv binosi, tir, kutubxona va jangovar mashgʻulotlar sinf xonasida boʻlib, harbiy akalarining mashgʻulotlarida bevosita ishtirok etishdi.

Shuningdek, oʻquvchi yoshlar tarix oʻquv binosidagi Sohibqiron Amir Temur hamda sarkarda Jaloliddin Manguberdiga bagʻishlangan oʻquv sinfini ko‘zdan kechirdi, ularning jang taktikasi, strategiyasi, qoʻshin turlari bilan tanishdi.

Shundan soʻng, yoshlarning bilim darajasi va intellektual salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, o‘quvchilar orasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida “Zakovat” oʻyini ham oʻtkazildi.

Yakunda yoshlarga Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatga borish va xizmatga qolish tartibi, oliy harbiy taʼlim muassasalarining imtiyozlari, shuningdek, yurt himoyachilari erishayotgan yutuqlar yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati