Faxriylar Nukusdagi maktab oʻquvchilari bilan uchrashdi

0
1344

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan Nukus shahridagi 31-sonli ayrim fanlarni chuqurlashtirib oʻqitiladigan sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Unda harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, maktabning yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Yuridik fakulteti oʻqituvchisi Vohidjon Mehriqulov Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, yangi tahrirdagi Qonunga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida nutq soʻzladi. Shundan soʻng Qurolli Kuchlar faxriylari yoshlarga hayoti va xizmat yillari haqida gapirib berdi. Afgʻon urushi qatnashchisi Ongʻarbay Toreniyazovning tinchlik va urush haqida aytgan fikrlari, ayniqsa davra yoshlari qalbini hayajonga soldi, zal gulduros qarsaklarga toʻldi.

Suhbat davomida faxriy harbiylar bugungi armiyaning qiyofasi, Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilgan islohotlar sabab bugun harbiy xizmat nufuzi ortganini eʼtirof etishdi. Ona yurtni himoya qilish har bir yigitning konstitutsiyaviy burchi ekanligi taʼkidlandi. Yosh harbiy xizmatchilar esa oʻquvchi-yoshlarga Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida yaratilgan sharoitlar, yurt himoyachilariga belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar, harbiy taʼlim muassasalari haqida maʼlumotlar yetkazdi.

Koʻksimdagi medallarni taqib olganim bejiz emas. Bu menga kechagi kunni eslatib turadi, u kunlarni yodga olib bugungi osoyishta kunlarga shukrona keltiraman. 18 yoshimda urushni koʻrdim. Uch yil umrim urush ichida oʻtdi. Sizlar tinch, osoyishta yurtning baxtiyor yoshlarisiz. Tinch yurtga esa bayramlar yarashadi. Bugun, biz huquq va erkinliklarimiz, mustaqilligimiz qonun bilan mustahkamlangan kun, Konstitutsiya bayramini nishonlayapmiz. Barchangizga bayram muborak! – dedi O.Toreniyazov.

Maktab sahnasida ijodkor oʻquvchilar tomonidan Vatan madhi tarannum etilgan oʻzbek va qoraqalpoq tillaridagi kuy va qoʻshiqlar tadbirning yanada joʻshqin kayfiyatda oʻtishini taʼminladi.

Tadbirdan soʻng yoshlar ancha vaqt harbiy ustozlar bilan suhbat qurib, ularni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati