Elektron kutubxona maʼlumotlar bazasini shakllantirish va foydalanish asoslari

0
1489

Maʼnaviyat, maʼrifat sohasidagi yangiliklar, oʻzgarishlar, zamon bilan hamnafaslik Qurolli Kuchlar tizimiga ham begona emas. Respublika axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan “Elektron kutubxona maʼlumotlar bazasini shakllantirish va foydalanish asoslari” oʻquv kursi ham davr bilan hamqadamlikni oʻzida aks ettiradi.

Qirq soatlik oʻquv kursida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalar kutubxona xodimlari oʻqib, tajriba oshirishlari koʻzda tutilgan. Bugun mazkur oʻquv kursini yakunlagan 30 nafar tinglovchiga sertifikatlar topshirildi.

Qurolli Kuchlar xizmatchisi Dilfuza Jakbarova Sharqiy harbiy okrugdan kelgan. U oʻz taassurotlarini shunday boʻlishdi:

– Kurs mashgʻulotlari sermazmun, qizgʻin kechdi. Sohaning yetakchi mutaxassislari elektron kutubxona maʼlumotlar bazasini shakllantirish, foydalanish, shuningdek, biblirografiya xizmati faoliyati haqida qiziqarli maʼlumotlar berishdi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi milliy bibliografiya maʼlumotlari bazasini shakllantirish xizmati rahbari Sh. Rahimovaning bu boradagi maʼruzalarini katta qiziqish bilan tingladik, tajribalarini oʻrgandik.

– Birinchi bosqich tinglovchilari Sharqiy harbiy okrug, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi, Harbiy tibbiyot akademiyasi, Qurolli Kuchlar akademiyasi kutubxona xodimlari boʻlishdi, – deydi Mudofaa vazirligi maʼnaviyat va maʼrifat markazi kutubxona ishlari boʻyicha bosh mutaxassisi Baxtiyor Joʻrayev. – Bu jarayon hali yana davom etadi. Keyingi haftadan navbatdagi bosqich tinglovchilarini qabul qilamiz.

Bundan bir necha yil avval harbiy xizmatchilarning ilmiy izlanishlar olib borishi, ilmiy darajalar olishi ham katta voqelik edi. Bugun ularning safi kengaygan. Oʻylaymizki, yuqorida tilga olganimiz yangiliklarning kirib kelishi ilmiy ish qilishga bel bogʻlagan tadqiqotchilar safi yanada kengayishiga ham hissa qoʻshadi. Bu birgina jihati. Oʻquv kursining nechogʻli ahamiyatga ega ekanligi kutubxona xodimlari tomonidan chuqur oʻrganilib, bosma va elektron nashrlarda keng va batafsil yoritiladi, degan umiddamiz.

Inobat IBROHIMOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti