Aloqachi kursantlar “Zakovat” bellashuvi gʻolibi

0
1229

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida “Mening Konstitutsiyam 31 yoshda” mavzusida oʻtkazilgan intelektual “Zakovat” bellashuvi tashkil etildi.

Oliy harbiy taʼlim muassasalari, Toshkent amaliy fanlar universiteti jamoalari, shuningdek, aloqa harbiy qismida xizmat burchini oʻtayotgan muddatli harbiy xizmatchi askarlar jamoasi aql-zakovat bahsida davlatimiz bosh qomusiga oid savollardan tuzilgan uchta shart boʻyicha oʻz bilimlarini namoyish etishdi. Toshkent harbiy okrugi harbiy prokuraturasi katta tergovchisi, adliya podpolkovnigi Bobur Rajabov, IIV tergov departamenti vakili polkovnik Shokir Oʻrinov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti professori Ahmadjon Beknazarov, Amaliy fanlar universiteti professori Saodat Toʻychiyevadan iborat hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

Jamoa aʼzolari beshta savoldan iborat birinchi shartga yozma ravishda javob berishdi. Ikkinchi shart sardorlar bellashuvi asosida tashkil etilib, unda jamoalar sardorlari Konstitutsiyaga oid bir-biridan qiziqarli savollar boʻyicha intelektual bilimlarini namoyish etishdi. Xalqaro va davlatimiz huquqiy-meʼyoriy hujjatlar yoʻnalishidagi uchinchi shart yakuni bilan “Zakovat” bellashuvining gʻolibi aniqlandi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti sharafini himoya qilgan “Algoritm” jamoasi 14 ochko toʻplab, birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Oʻntadan ochko jamgʻargan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi “Muhofaza” hamda Toshkent amaliy fanlar universitetining “Yosh psixolog” jamoalariga ikkinchi oʻrin nasib etdi. Muddatli harbiy xizmatchilardan iborat “Aloqachi” jamoasi sovrindorlar uchligini yakunlab berdi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid sheʼriy kompozitsiyalar, videoroliklar namoyish qilinib, “Impuls” ansambli tomonidan vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti