Harbiy tayyorgarlik markazida “Qo‘mondon kubogi” musobaqasi o‘tkazildi

0
1486

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik markazida bosh qomusimiz qabul qilinganining 31 yiligi munosabati bilan talabalar o‘rtasida “Qo‘mondon kubogi” sport musobaqasi o‘tkazildi.

Unda Toshkent shahridagi 12 ta oliy taʼlim muassasasi jamoalari o‘zaro bellashdi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida so‘z olganlar asosiy qonunimiz qabul qilingan kun bilan ishtirokchilarni qutlab, jamoalarga omad tiladi.

Talabalar bellashuvda harbiy estafeta, qurolni to‘liq va noto‘liq qismga ajratib, yig‘ish, stol tennisi, armrestling kabi shartlar bo‘yicha kuch sinashdi. Qiziqarli bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tgan musobaqada har bir shart bo‘yicha qayd etilgan natijalar hakamlar hay’ati tomonidan xolis va odilona baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent davlat transport universiteti jamoasi 3-o‘rin, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti 2-o‘rinni egalladi. Faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi okrug qo‘shinlari qo‘mondonining kubogi sazovor bo‘ldi. Musobaqa sovrindorlari esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir so‘ngida faxriy qorovul chiqishi va harbiy orkestr tomonidan diltortar kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati