Chirchiqda Konstitutsiya kuni keng nishonlandi

0
1941

Har qanday davlatning yuzi, obroʻ-eʼtibori uning Konstitutsiyasi bilan belgilanadi. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan bosh Qonundir.

Shu kunlarda barchamiz tinch va farovon hayotimizning muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori boʻlgan Bosh qomusimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi koʻtarinki kayfiyat bilan nishonlamoqda.

Xuddi shunday bayram tadbirlaridan biri Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida ham boʻlib oʻtdi. Unda bilim yurti kursantlari, Toshkent iqtisodiyot va pedagogika instituti professor-oʻqutuvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Tadbir avvalida bilim yurti va institut oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda yoshlarning vatanparvarlik ruhini oshirish, taʼlim-tarbiya jarayonida hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.

Shundan soʻng ikki oliy taʼlim muassasasi rahbarlari soʻzga chiqib, bosh qomusimizning hayotimizda tutgan oʻrni, Konstitutsiyaga kiritilgan soʻnggi oʻzgarishlarga oʻz munosabatlarini bildirishdi.

Tadbir badiiy chiqishlarga ulanib ketdi. Bilim yurti kunsantlari va faxriy qorovul chiqishlari yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Institut talabalari tomonidan tayyorlangan musiqali va sahna chiqishlari barchaga oʻzgacha kayfiyat ulashdi.