“Gʻalaba bogʻi”da Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

0
1258

8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida tantanali bayram dasturi boʻlib oʻtdi. Unda majmua hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyida faoliyat yuritayotgan Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilari, ofitserlar, tadqiqotchilar hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining oila aʼzolari ishtirok etdi. Tantanali bayram dasturi Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Konstitutsiya — bu davlatning bosh qomusidir. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi. Barchamizga maʼlumki, 2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida xalqimiz oʻzining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi.

Bayram tadbirida oʻz xizmat vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilarning bir guruhiga mudofaa vazirining “Esdalik nishoni”,  “Namunali xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, tadbirda “Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi yillarida front va front ortida koʻrsatgan beqiyos jasorati” hamda “Oʻzbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli toʻrtinchi kitob albomini chop etishda faol ishtirok etgan mualliflarga ushbu kitoblar taqdim etildi. Koʻtarinki ruhda oʻtgan bayram tadbirida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlar ijro etildi.

“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati