“Eng yaxshi kutubxonachi” va “Eng ilgʻor madaniyat markazi boshligʻi” aniqlandi

0
2001

Samarqandda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy qism komandirlarining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha maslahatchilari — madaniyat markazi boshliqlari oʻrtasida “Eng ilgʻor madaniyat markazi boshligʻi, harbiy qism kutubxonachilari oʻrtasida “Eng yaxshi kutubxonachi” koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida oʻtkazilgan tanlovga Pushkin nomidagi viloyat kutubxonasi direktori Zebiniso Shodiyeva, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Samarqand viloyati boʻlimi rahbari Farhod Nazarov, Fanlar Akademiyasi Samarqand mintaqaviy boʻlim rahbari oʻrinbosari, shoir va jurnalist Zubaydullo Ibragimov, Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʻi oʻrinbosari kapitan Asilbek Togʻayev hamda Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi podpolkovnik Qutlimurod Sobirov hakamlik qildi.

Har ikki koʻrik-tanlovda ham okrug va qoʻmondonliklar shaʼnini himoya qilish uchun 7 nafardan ishtirokchi qatnashib, hakamlar tomonidan ularning ish faoliyati, kasbiy tayyorgarlik darajasi hamda nazariy bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Murosasiz kechgan tanlovning yakuni boʻyicha oʻrinlar quyidagicha taqsimlandi:

“Eng yaxshi kutubxonachi” yoʻnalishida:

  • 1-oʻrin — Dilafruz Qalandarova (MHO) va Surayyo Shodiyeva (JGʻMHO);
  • 2-oʻrin — kichik serjant Gʻolibjon Azimjonov (TOQQQ);
  • 3-oʻrin — Shoira Naxalbayeva (HHMQ va HHK).

“Eng ilgʻor madaniyat markazi boshligʻi” yoʻnalishida:

  • 1-oʻrin — Gulzoda Mamatova (SHGʻHO);
  • 2-oʻrin — Shohrux Safaraliyev (MHO) va Gulniso Sadullayeva (THO);
  • 3-oʻrin — Ahmedov Ma’murjon (SHHO).

Gʻolib va sovrindorlarga Mudofaa vazirligi hamda Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligining diplom, esdalik va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Musobaqadan soʻng, ishtirokchilar uchun koʻhna va navqiron Samarqandning diqqatga sazovor hamda tarixiy obidalari boʻylab sayohat qilish imkoniyati yaratildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiylar departamenti