“Jasorat maktabi” yigʻini ishtirokchilari bilan uchrashuv

0
1637

Jizzax garnizonidagi harbiy qismda 100 nafar yoshlar ishtirokida oʻtkazilayotgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini davomida ishtirokchilarining harbiy qismda olgan taassurotlarini bilish va ular orasidan milliy armiyamiz saflarida qolish istagini bildirganlarga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Unda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi general-mayor Gʻayrat Qodirov, viloyat hokimi oʻrinbosari Akmal Sovurboyev, Jizzax harbiy prokurori adliya podpolkovnigi Otabek Haydarov va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Murodbek Rahmonberdiyev ishtirok etdi.

Uchrashuvda har bir rahbar oʻz xizmat faoliyati, hayotiy tajribalari va yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar xususida toʻxtalib, bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan o‘g‘il-qizlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shuningdek, yoshlarga muddatli harbiy xizmatga borish va xizmatda qolish tartibi, oliy harbiy taʼlim muassasalarining imtiyozlari, yurt himoyachilari erishayotgan yutuqlar yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.

Uchrashuvda yoshlarning murojaatlari ham tinglandi va qoʻmondon milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istagini bildirgan yoshlarga imkoniyat berdi hamda yakunda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, harbiy guvohnoma olish istagi bilan murojaat qilgan 9 nafar yigʻin ishtirokchisiga harbiy guvohnomalarni tantanali ravishda topshirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati