Harbiy qismda Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan intellektual o‘yin o‘tkazildi

0
1110

Nukus garnizonidagi harbiy qism va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Siz qonunni bilasizmi?” nomli “Zakovat” intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi. “Aql jangi”da harbiy xizmatchilar, Nukus innovatsion instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali talabalaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan oʻyin davomida ishtirokchilar sohaga oid yangi qabul qilingan qonun, qaror, farmon va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va mohiyati yuzasidan berilgan savollarga tez, aniq va loʻnda javob berib, huquqiy bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi.

Bellashuvni harbiy qism, oliy taʼlim muassasalari hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi vakillaridan iborat hayʼat aʼzolari baholab bordi.

Natijalarga koʻra, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialining “Darknet jaslari” jamoasi faxrli 1-oʻringa munosib topildi. Shohsupaning ikkinchi pogʻonasidan harbiy xizmatchilardan iborat “Adolat” jamoasi joy oldi. Kuchli uchlikka Nukus innovatsion institutining “Innovatsiya yoshlari” jamoasi yakun yasadi. Gʻolib va sovrindorlar harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan taqdirlandi. Tadbir soʻngida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat uyushtirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati