Supermotokross gʻoliblari aniqlandi

0
986

Joriy yil boshidan Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan sportning texnik va amaliy sport turlari boʻyicha 50 ga yaqin sport musobaqalari oʻtkazildi. Sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha oʻtkazilgan bu bellashuvlarda barcha hududlardan qatnashgan jamoalar faol ishtirok etdi.

Poytaxtimizdagi “Vatanparvar” tashkiloti Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida tashkil etilgan supermotokrossning mamlakat birinchiligi uchun oʻtkazilgan bahslarda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan sportchilar oʻzaro bellashdi. Taʼkidlash joiz, ushbu musobaqa tashkilot tizimida 2023-yilgi sport mavsumining yopilishi hisoblanadi.

Supermotokross dunyo boʻylab juda mashhur, shu bilan birga ekstremal sport turi hisoblanadi. Chunki sportchilar bellashadigan musobaqa trassasi koʻplab murakkab va bir-biridan qiyin toʻsiqlardan iborat. Sportchilardan bunday joylardan yuqori tezlikda balandga sakragan holda toʻgʻri harakatlanish talab etiladi.

Supermotokross boʻyicha sport musobaqasi quyidagi sinflarni oʻz ichiga oladi:

  • – 85 sm3 sinfida (12-15 yosh) – 7 daqiqa;
  • – 125 sm3 sinfida (14 yoshdan 18 yoshgacha) – 8 daqiqa;
  • – 500 sm3 sinfida (18 yosh va undan katta yoshdagilar) – 10 daqiqa + 2 aylanma;
  • – CHZ sinfida (18 yosh va undan katta yoshdagilar) – 10 daqiqa + 2 aylanma.

Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakuni boʻyicha umumjamoa hisobi boʻyicha 3-oʻrin Navoiy, 2-oʻrin Buxoro viloyatiga nasib etgan boʻlsa, faxrli 1-oʻrinni Olmaliq kon metallurgiya kombinati jamoasi qoʻlga kiritdi. Gʻoliblar tashkilotning diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Katta leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti