Nukusda o‘tkazilgan “Ishonchli qabul” musobaqasining g‘oliblari nomi ma’lum bo‘ldi

0
2636

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida aloqa boʻlinmalarida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtayotgan mutaxassis aloqachilar oʻrtasidagi “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovining “Ishonchli qabul” nominatsiyasining final bosqichida 9 ta eng sara jamoalar ishtirok etib, bir hafta mobaynida gʻalaba uchun kurash olib bordi.

Taʼkidlash joizki, vazirlik miqyosida “Men gʻolib!” shiori ostida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Armiya oʻyinlari” musobaqasining aloqachilar oʻrtasidagi bellashuv ilk marotaba Nukusda boʻlib oʻtdi. Musobaqa “Eng ilgʻor radiotelegrafist”, “Eng ilgʻor radioaloqa ekipaji” hamda “Eng ilgʻor telekommunikatsiyalar mutaxassisi” kabi uch yoʻnalishda olib borildi. Har bir yoʻnalishda ishtirokchilar kasbiy bilimlarni nazariy va amaliy sinovlardan oʻtkazib, jismoniy tayyorgarligini va merganlik mahoratini namoyon etdi.

Mutaxassis aloqachilarning kasbiy malakasini oshirish, yetakchilik qobiliyatini yuksaltirish hamda ilgʻorlarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan musobaqa oʻz kasbining haqiqiy ustalarini aniqlash va yoʻnalishlar boʻyicha sogʻlom raqobatni rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda.

Tanlovning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda ishtirokchilarning xatti-harakatini adolatli baholash maqsadida musobaqani Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Aloqa, axborot texnologiyalari va aloqa xavfsizligi bosh boshqarmasi vakillaridan iborat boʻlgan hayʼat aʼzolari baholab bordi. Har bir ishtirokchi oʻz harakati uchun qoʻshimcha ballar bilan ragʻbatlantirilishi va aksincha, xatolik uchun jarima ballar bilan jazolanishi belgilangan. Harbiy xizmatchilarning oʻziga boʻlgan yuksak ishonchi, oʻz kasbiga boʻlgan hurmati, albatta, mana shunday katta sinov maydonida bilinadi.

Radiogrammalarni tinglab qabul qilish, radiogrammalarni uzatish meʼyorlari, harbiylashtirilgan estafeta mashqlari, zamonaviy axborot texnogoliyalarida ishlash koʻnikmalarini baholash kabi meʼyorlarni barcha harbiy aloqachilar uddalab, yuksak kasbiy mahorat, iroda va matonat namunalarini namoyish etib, soʻnggi soniyalarga qadar gʻalaba uchun kurash olib borishga harakat qildi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimi Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tantanalar zalida oʻtkazilib, unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Aloqa, axborot texnologiyalari va aloqa xavfsizligi bosh boshqarmasi ofitserlari hamda ishtirokchilar qatnashdi.

Harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari – shtab boshligʻi polkovnik Dilshod Ilhomov oʻz nutqida ushbu bellashuvda ishtirok etgan 60 nafarga yaqin aloqa mutaxassislari jismonan baquvvat, kasbiy bilimlari va mutaxassislik boʻyicha tayyorgarligi yetuk ekanligini isbotlab, gʻalaba uchun mardonavor kurash olib borganini eʼtirof etdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, “Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazilgan “Ishonchli qabul” tanlovining umumjamoa hisobida faxrli 1-oʻrinni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug jamoasi qoʻlga kiritdi. 2-oʻrinni Toshkent harbiy okrugi jamoasi hamda 3-oʻringa markazga boʻysunuvchi aloqachilar harbiy qismi jamoasi egalladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug aloqachilari musobaqaning “Eng ilgʻor radiotelegrafist” yoʻnalishida 4-oʻrinni, “Eng ilgʻor radioaloqa ekipaji” yoʻnalishida 2-oʻrinni hamda “Eng ilgʻor telekommunikatsiyalar mutaxassisi” yoʻnalishida 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, barcha jamoalarni ortda qoldirdi.

Gʻolib va sovrindorlar kubok, tegishli darajadagi diplom, faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati